“Yangi O‘zbekiston” universiteti Germaniyaning yetakchi universitet klinikasi bilan yangi kelishuvga erishdi
Germaniyada “Yangi O‘zbekiston” universiteti delegatsiyasi Freiburg universitet klinikasi direktori Prof. Dr. Dr. h.c. Frederik Wenz bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Freiburg universitet klinikasi Germaniyaning eng nufuzli universitet tibbiyot markazlaridan biri hisoblanadi. Germaniyaning yirik milliy reytingi — Stern 2025/26 natijalariga ko‘ra, klinika mamlakatdagi ikkinchi eng yaxshi shifoxona deb topilgan. Freiburg universiteti esa Times Higher Education World University Rankings 2026 reytingida dunyoning eng yaxshi 138 ta universiteti qatoridan joy olgan.
Onkologiya, neyroxirurgiya, nevrologiya va transplantologiya yo‘nalishlaridagi ilg‘or ilmiy va klinik ishlanmalari bilan Freiburg Yevropaning yetakchi tibbiyot markazlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.
Uchrashuv yakunida “Yangi O‘zbekiston” universitetida Yevropa standartlariga asoslangan yangi avlod Tibbiyot maktabini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Hamkorlik doirasida talabalar zamonaviy tibbiy ta’lim dasturlari, klinik tayyorgarlik, simulyatsion o‘qitish va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha Germaniyaning ilg‘or tajribalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.