Magistratura bosqichi talabalari uchun o‘zbekiston respublikasi prezidentining davlat stipendiyalari
Termiz davlat pedagogika institutiKimlar uchun
Kunduzgi
MAGISTRATURA BOSQICHI TALABALARI UCHUN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING DAVLAT STIPENDIYALARI VA ULARNI TAYINLASH TARTIBI TO‘G‘RISIDA
Magistratura bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga binoan tayinlanadi.
Talabalarga tayinlash uchun belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi kvotasi (yigirma ikkita) Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga muvofiq har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tanlov yo‘nalishlari bo‘yicha (har bir tanlov yo‘nalishiga bittadan stipendiya hisobidan) taqsimlanadi
Bunda, oliy ta’lim muassasalari tomonidan nomzodlar har bir tanlov yo‘nalishi bo‘yicha bittadan tavsiya etilishi mumkin.
Talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash uchun quyidagi mezonlarni bajarish belgilanadi:
umumta’lim tayyorgarligini ilmiy-tadqiqot (ijodiy ishlar) ishlari bilan uyg‘unlashtirish;
yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiya (tanlov)larda qatnashish;
kamida ikkita e’lon qilingan ishlar (asarlar)ning mavjudligi.
tillarni - davlat tilini va bitta xorijiy chet tilni bilish (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari), magistraturadagi mutaxassislik xorijiy til bo‘lgan taqdirda esa qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish talab qilinadi;
O‘zbekiston tarixini bilish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga nomzodlar ko‘rsatish, talabgorlar nomzodlarining o‘qishdagi va ilmiy (ijodiy) faoliyatdagi muvaffaqiyatlari ommaviy ravishda muhokama qilingandan so‘ng, davlat oliy ta’lim muassasalarining ilmiy kengashlari tomonidan amalga oshiriladi.
Talabgorlar dastlabki ko‘rib chiqish uchun ilmiy kengashga quyidagilarni topshiradilar:
sinov daftarchasidan ko‘chirma;
dekanat, kafedra tavsiyanomasi;
ilmiy (ijodiy) ish annotatsiyasi;
rahbarning fikr-mulohazalari;
ilmiy (ijodiy) ishga taqriz;
ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning bosma nusxalari.
Barcha hujjatlar ikki nusxada taqdim qilinadi. Hujjatlarning har bir to‘plami jildga joylanadi, har bir jild muqovasida ishni taqdim qilgan muassasaning nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, ishning nomi ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari talabalarga har yili, bir o‘quv yili uchun, 1 sentyabrdan boshlab, belgilangan miqdorlarga qat’iy rioya qilingan holda tayinlanadi.