Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Hindistonda global xavfsizlik va xalqaro huquq bo‘yicha malaka oshirdi
Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari shu’basi dotsent Feruza Miruxtamova Hindiston Respublikasi Hukumati tashabbusi bilan tashkil etilgan “International Law and Global Security” (“Xalqaro huquq va global xavfsizlik”) xalqaro malaka oshirish dasturida qatnashdi.
Hindistonning milliy va xalqaro xavfsizlik, huquqni muhofaza qilish, terrorizmga qarshi kurash, kiberxavfsizlik hamda strategik tadqiqotlar yo‘nalishlari bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim muassasasi sanaladigan Rashtriya Raksha universitetida tashkil etilgan dastur doirasida xalqaro ekspertlar va professorlar ishtirokida xalqaro huquqning xavfsizlik bilan bog‘liq dolzarb masalalari, kiberxavfsizlik, terrorizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurash, dengiz va kosmik xavfsizlik, zamonaviy global tahdidlarga qarshi huquqiy mexanizmlar yuzasidan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Dastur ishtirokchilari turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislar bilan tajriba almashib, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish hamda xavfsizlik sohasidagi zamonaviy huquqiy yondashuvlarni muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.