Toshkent davlat yuridik universitetida 2026/2027-oʻquv yiliga qabul jarayonlari va universitetdagi islohotlarga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi
Toshkent davlat yuridik universitetida 2026/2027-oʻquv yiliga qabul jarayonlari, yangi taʼlim dasturlari hamda universitetda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori, professor Baxshillo Xodjayev, universitet rahbariyati va masʼul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, blogerlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida universitet rektori Baxshillo Xodjayev TDYUUda 2026/2027-oʻquv yili uchun qabul jarayonlarining tashkil etilishi, abituriyentlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va qabul jarayonlarining ochiqligi hamda shaffofligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Shuningdek, universitetda joriy etilayotgan yangi taʼlim yoʻnalishlari, xorijiy fuqarolarni oʻqishga qabul qilish tartibi, yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikdagi qoʻshma taʼlim dasturlari va xalqaro akademik mobillik imkoniyatlari xususida soʻz yuritildi.
Bundan tashqari, universitetda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish, professor-oʻqituvchilarning ilmiy va pedagogik salohiyatini yuksaltirish, ularning nufuzli xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalar bilan hamkorligini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirning savol-javob qismida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar qabul jarayonlari, taʼlim yoʻnalishlari, toʻlov-kontrakt miqdorlari, xorijiy talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, qoʻshma taʼlim dasturlari hamda universitetning istiqboldagi rejalari yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Matbuot anjumani universitet faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, jamoatchilik bilan samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish hamda abituriyentlar va ularning ota-onalariga qabul jarayonlari haqida ishonchli va toʻliq maʼlumot taqdim etishga xizmat qildi.