Fransiyaning Bordo Monteyn (Bordeaux Montaigne) universiteti vakili BuxDUga tashrif buyurdi.
Buxoro davlat universiteti rektori O.Xamidov Bordo Monteyn universitetining nufuzli vakilini qabul qildi. Slavyan tadqiqotlari kafedrasi mudiri professor Olga Jil-Belova o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va yanada mustahkamlash maqsadida universitetimizga tashrif buyurdi. Bu tashrif BuxDU Fransuz filologiyasi kafedrasi tashabbus asosida ikkala oliygoh o‘rtasidagi ilmiy va akademik aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi sifatida e’tirof etildi.
Uchrashuv davomida Fransuz filologiyasi kafedrasi vakillari bilan birgalikda talabalar almashinuvi dasturlarini rivojlantirish, magistratura talabalari uchun BuxDUda amaliyot o‘tash imkoniyatlarini ta'minlash, shuningdek, professor-o‘qituvchilar uchun mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Ushbu tashabbuslar orqali har ikki universitetning ta’limiy tajribalaridan foydalanib, yanada boyroq akademik hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuv yakunida har ikki tomon o‘rtasida akademik mobillikni rivojlantirish, yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlariga xalqaro taqrizchilar tomonidan baho berish imkoniyatlarini yaratish va yozgi maktablar doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Fransuz filologiyasi kafedrasi ushbu hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ko‘rsatgan yordami bilan BuxDU va Bordo Monteyn universiteti o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. Bu hamkorlik ikki universitet jamoasiga yangi g‘oyalar va imkoniyatlar eshiklarini ochib, kelajakda akademik aloqalarni yanada mustahkamlaydi.