“Adab va ilmda komillik timsoli” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Qo‘qon davlat universitetida mashhur tilshunos olim, pedagog va ilm fidoyisi Inomjon Rasulov xotirasiga bag‘ishlab “Adab va ilmda komillik timsoli” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Tadbirda yetuk olimlar, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda olimning avlodlari — ilm yo‘lidan borgan Rasulovlar sulolasi vakillari ishtirok etdilar.
Anjumanda Inomjon Rasulovning tilshunoslik sohasidagi boy ilmiy merosi, pedagogik faoliyati hamda yosh avlod tarbiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi yodga olindi. Tadbir davomida ilmiy ma’ruzalar tinglandi, ko‘rgazmalar tashkil etildi, olim hayotiga oid xotiralar bilan bo‘lishildi.
— Inomjon Rasulov kabi fidoyi, vatanparvar va ilmga sadoqatli insonning avlodi ekanimizdan har doim faxrlanamiz, — dedi dotsent Matluba Rasulova. — U kishining hayoti biz uchun namunadir, mehnatlari esa ilmiy izlanishlarimizda yo‘lchi yulduz bo‘lib qolmoqda.
Rasulovlar sulolasi vakillari bu anjuman ustoz xotirasini e’zozlash, ilmiy merosni davom ettirishda muhim qadam bo‘lganini ta’kidladilar.