BuxDU va Ozarbayjon akademik integratsiyasi: Bokuda oliy ta’lim ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda
Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida oʻtkazilayotgan “Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining ikkinchi koʻrgazmasi” doirasida Buxoro davlat universiteti vakillari — dotsent Muhriddin Qilichov va boʻlim bosh mutaxassisi Umidjon Toʻxtayev oliygohning xalqaro nufuzini oshirish va akademik hamkorlikni kengaytirish maqsadida qator samarali uchrashuvlar oʻtkazmoqdalar.
Tashrif doirasida BuxDU vakillari Oʻzbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov bilan uchrashdilar. Elchi janoblari delegatsiya a’zolarini 2025-yilda ikki davlat rahbarlari tomonidan tantanali ochilgan elchixonaning yangi binosida qabul qildi. Muloqot davomida elchixonada xalqaro hamkorlik uchun yaratilgan zamonaviy B2B zallari, konferensiya maydonlari va muzokaralar oʻtkazish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishildi. Elchi Bahrom Ashrafxonov Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi aloqalarni strategik darajaga olib chiqish, ikki qardosh davlat oʻrtasidagi investitsiya loyihalariga ilm-fan yutuqlarini jalb etish dolzarb ekanligini alohida taʼkidladi.
Universitet vakillarining navbatdagi manzili Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi kutubxonasida tashkil etilgan OTMlar koʻrgazmasi boʻldi. Unda Ozarbayjonning maktab bitiruvchilari va oliy ta’limdan keyingi bosqichda oʻqishni niyat qilgan yoshlar uchun BuxDUning barcha bakalavriat yoʻnalishlari, magistratura mutaxassisliklari va doktorantura ixtisosliklari yuzasidan keng koʻlamli taqdimot oʻtkazildi.
Ishtirokchilarga universitetning taʼlim dasturlari, xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan yoʻnalishlar, qabul shartlari hamda xorijiy talabalar uchun yaratilgan ijtimoiy-akademik imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Savol-javoblar davomida potensial talabalarning qiziqishlari oʻrganilib, universitetning Xalqaro hamkorlik departamenti bilan doimiy aloqani yoʻlga qo‘yish uchun kontakt ma’lumotlari almashildi.