“Ranglar orqali go‘zal muloqot” mavzusida rasmlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
Andijon davlat pedagogika institutida yoshlarning badiiy ijodkorligini qo‘llab-quvvatlash, tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ularning ijodiy salohiyatini namoyon etish maqsadida “Ranglar orqali go‘zal muloqot” mavzusida rasmlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada institut talabalari tomonidan yaratilgan rangtasvir, grafika hamda turli badiiy yo‘nalishdagi asarlar namoyish etildi. Har bir ijodiy ish mualliflarning tasviriy san’atga bo‘lgan yondashuvi, estetik qarashi hamda hayotiy kechinmalarini o‘ziga xos badiiy talqin orqali ifodalashi bilan e’tiborni tortdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar ko‘rgazmada namoyish etilgan asarlar bilan yaqindan tanishib, yosh ijodkorlarning mahorati va tasavvur olamiga yuksak baho berdilar. Shuningdek, bunday ko‘rgazmalar talabalarning ijodiy fikrlashini rivojlantirish, san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.