Toshkent davlat yuridik universitetida “Sun’iy intellekt davrida Islom dunyosi axborot makoni: yangi imkoniyatlar va chaqiriqlar” mavzusida ochiq ma’ruza o‘tkazildi
Toshkent davlat yuridik universitetida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforum doirasida “Sun’iy intellekt davrida Islom dunyosi axborot makoni: yangi imkoniyatlar va chaqiriqlar” mavzusida ochiq ma’ruza tashkil etildi.
Tadbir sun’iy intellektning zamonaviy axborot makoniga ta’siri, yangi texnologiyalar yaratib berayotgan imkoniyatlar hamda ular bilan bog‘liq dolzarb chaqiriqlar yuzasidan fikr almashish, ishtirokchilarning ushbu yo‘nalishdagi bilim va tasavvurlarini kengaytirishga qaratildi.
Ochiq ma’ruzada Rossiya Federatsiyasining “Sila Sveta” kompaniyasi direktori Aleksandr Us ekspert sifatida ishtirok etdi. U zamonaviy texnologiyalar, vizual kommunikatsiya va kreativ industriyalar sohasidagi xalqaro tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Ma’ruza davomida sun’iy intellektning axborot va vizual kontentni yaratish, tarqatish hamda qabul qilish jarayonlariga ta’siri, texnologik taraqqiyotning istiqbollari va yangi xavf-xatarlari, shuningdek, inson va texnologiya o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar muhokama qilindi. Shuningdek, yorug‘lik va vizual muhitning inson kayfiyati hamda makonni qabul qilishiga ta’siri, zamonaviy texnologiyalarning vizual san’at va ijodiy faoliyatdagi o‘rni yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv xalqaro mediaforum doirasidagi muhim tadbirlardan biri sifatida sun’iy intellekt, axborot makoni va zamonaviy vizual kommunikatsiya masalalarini muhokama qilish uchun samarali muloqot maydonini yaratdi.