“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi: talabalar tashabbuslari va kelajak taraqqiyotiga qaratilgan muhim muloqot
“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi: talabalar tashabbuslari va kelajak taraqqiyotiga qaratilgan muhim muloqot
“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi: talabalar tashabbuslari va kelajak taraqqiyotiga qaratilgan muhim muloqot
Navoiy davlat universitetida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari doirasida universitet rektori, professor M.Kalonovning faol talabalar, sportchi yoshlar hamda ijodkor talabalar bilan bevosita muloqoti bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv talabalarning fikr-mulohazalari va tashabbuslarini tinglash, ularning muammolari hamda takliflarini o‘rganish, shuningdek, universitetda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish maqsadida tashkil etildi.
Muloqot davomida rektor M.Kalonov mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, oliy ta’lim muassasalarida talabalar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar va zamonaviy shart-sharoitlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. U o‘z so‘zida talabalar oldida turgan asosiy vazifa namunali ta’lim olish, tanlangan kasb sirlarini puxta egallash va kelajakda o‘z sohasining raqobatbardosh mutaxassisi bo‘lib yetishish ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, bugungi yoshlar Yangi O‘zbekistonning ertangi taraqqiyotini ta’minlaydigan asosiy kuch, mamlakatda shakllanayotgan Uchinchi Renessans poydevorini barpo etuvchi avlod ekanligi qayd etildi. Bu yo‘lda bilim va ma’rifatning ahamiyatiga alohida urg‘u berildi. Xususan, talabalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, muntazam mutolaa qilish odatini shakllantirish va intellektual muhitni yana-da rivojlantirish muhim vazifalardan biri sifatida ko‘rsatildi.
Uchrashuvning eng muhim jihatlaridan biri talabalar bilan ochiq muloqot ruhida kechganidir. Talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan fikr bildirish, taklif va tashabbuslarini ilgari surish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ayniqsa, Prezidentning “Yoshlar orasida kitobxonlik dasturini keng joriy etish va ularning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash doirasida mamlakat bo‘ylab amalga oshirilayotgan Milliy kitobxonlik harakatida faol ishtirok etish masalasi keng muhokama qilindi.
Talabalar tomonidan har bir fakultetda tavsiya etilgan adabiyotlar asosida maxsus kitoblar fondini tashkil etish, kitob almashish va kitobxonlik muhitini kuchaytirishga xizmat qiluvchi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Mazkur tashabbuslar talabalarning ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ahamiyatli ekanligi ta’kidlandi.
Muloqotda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish masalasi ham kun tartibidagi muhim mavzulardan biri bo‘ldi. Xususan, “Dolzarb 90 kunlik” davrida talabalar bilan tizimli ishlash, ularni turli madaniy-ma’rifiy, sport va ijtimoiy tadbirlarga keng jalb qilish orqali yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, universitetda innovasion g‘oyalar va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli talabalar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalalari ham muhokama qilindi. Rektor tomonidan sport, madaniyat, ilm-fan va jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etayotgan talabalarni muntazam rag‘batlantirishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Uchrashuv yakunida rektor M.Kalonov yaqinda o‘z nihoyasiga yetgan “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” respublika final bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan universitet talabalariga alohida minnatdorchilik bildirdi. Ular qo‘lga kiritgan natijalar nafaqat universitet, balki butun viloyat yoshlari uchun munosib namuna ekanligi ta’kidlandi. Rektor talabalarning yutuqlari jamoaning birgalikdagi mehnati va bilimga bo‘lgan intilishining yorqin ifodasi ekanligini qayd etib, kelgusida yana-da yuqori natijalarga erishishlariga ishonch bildirdi.