UrDUda Kiberxavfsizlik va kvant texnologiyalari bo‘yicha xalqaro ekspert ma’ruza qildi
Shimoliy Jorjiya universiteti professori, dunyoga mashhur IT eksperti Dr. Murthy Rallapalli Urganch davlat universitetida kiberxavfsizlik va kvant hisoblash tizimlarining yangi yo‘nalishlari mavzusida seminar o‘tkazdi.
-
Bugun Urganch davlat universitetida IT sohasi bo‘yicha xalqaro miqyosdagi mutaxassis, AQSHning Shimoliy Jorjiya universiteti professori Dr. Murthy Rallapalli ishtirokida seminar tashkil etildi. Unda Fizika-matematika, Kompyuter injiniring hamda Telekommunikatsiya texnologiyalari fakultetlari professor-o‘qituvchilari va talabalariga “Kiberxavfsizlik va kvant hisoblash texnologiyalarining yangi yo‘nalishlari” mavzusida ma’ruza taqdim etildi.
Ekspert o‘z ma’ruzasida sun’iy intellekt, kvant tizimlari va raqamli transformatsiya sharoitida kiberxavfsizlikni ta’minlashning innovatsion yechimlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Ma’lumot o‘rnida, Dr. Murthy Rallapalli IBM, Honeywell va Ernst & Young kabi dunyoning yirik kompaniyalarida 25 yillik tajribaga ega bo‘lib, hozirda “Fulbright” dasturi doirasida O‘zbekistonda ilmiy faoliyat yuritmoqda.