XITOYDAGI XALQARO STAJIROVKA MUVAFFAQIYATLI YAKUNLANDI,HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI
Guliston davlat pedagogika instituti delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida tashkil etilgan xalqaro stajirovka dasturini muvaffaqiyatli yakunladi.
2026-yil 26-iyun kuni Xitoyning Wenzhou Vocational College of Science and Technology oliy ta’lim muassasasida Guliston davlat pedagogika instituti delegatsiyasi ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki oliy ta’lim muassasasi rahbariyati hamda vakillari ishtirok etib, ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar va akademik almashinuv sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda kollej vitse-prezidenti Xia Caiguo O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik hamkorlik aloqalari, xususan, oliy ta’lim sohasidagi sheriklik izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
Guliston davlat pedagogika instituti nomidan so‘zga chiqqan institut prorektori N. Ayaqulov Xitoy tomoniga samimiy qabul, stajirovka dasturining yuqori saviyada tashkil etilgani hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Uchrashuv davomida talabalar almashinuvi, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, ilmiy hamkorlik va qo‘shma ta’lim loyihalarini kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, talabalar tomonidan ta’lim jarayonlari bo‘yicha o‘z taassurotlari taqdim etildi.
Tadbir yakunida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumga muvofiq, har yili 50 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi va talabaning akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur memorandum Guliston davlat pedagogika institutining xalqaro hamkorlik salohiyatini yanada kengaytirish, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning xalqaro tajribasini boyitish hamda O‘zbekiston–Xitoy oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy va amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.