Qo‘qon davlat universiteti va STARS International University yangi loyihalarni boshlamoqda
Qoʻqon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva Toshkent shahrida joylashgan STARS International University rektori Bahrom Qurbanov bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuv davomida Bahrom Qurbanovga universitet faoliyati va asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tomonlar kelgusidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari va rejalarini muhokama qildilar.
Xususan, Qo‘shma ta’lim dasturi asosida “60410200 — Buxgalteriya hisobi” yo‘nalishini ochish va boshqa qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari kun tartibidagi asosiy mavzulardan bo‘ldi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik shartnomasini imzoladilar.
Shuningdek, STARS International University barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha Level 3 International Foundation Diploma dasturini, shuningdek, 1+3, 2+2, 3+1 formatidagi xalqaro ta’lim dasturlarini taklif etmoqda. Universitet, shuningdek, dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalarini birlashtirgan Xalqaro universitetlar konsorsiumi doirasida grantlar olish imkoniyatini ham taqdim etadi.
Yakunida, tomonlar o‘zaro hamkorlik ikki oliy ta’lim muassasasining salohiyatini oshirish, qo‘shma loyihalar hamda xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi haqida fikr bildirdilar.