Toshkent davlat yuridik universiteti va Britaniya–O‘zbekiston Huquqshunoslar Assotsiatsiyasi (BrULA) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Tadbir davomida yuridik ta’lim va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash, talabalar uchun stajirovka va amaliyot imkoniyatlarini kengaytirish, qo‘shma ta’lim, ilmiy va amaliy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, Buyuk Britaniya yuridik hamjamiyati vakillari ishtirokida soft skills ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mahorat darslari va amaliy seminarlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Imzolangan memorandumga muvofiq, BrULA Toshkent davlat yuridik universiteti va Buyuk Britaniya yuridik hamjamiyati o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi. Shuningdek, talabalar uchun xalqaro tajriba almashish, kasbiy dunyoqarashni kengaytirish hamda xalqaro yuridik amaliyot bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladigan loyihalar amalga oshiriladi.
Mazkur hamkorlik universitet talabalari va bitiruvchilari uchun yangi kasbiy imkoniyatlar yaratish, yuridik ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida yanada oshirish hamda ta’lim va amaliyot uyg‘unligini mustahkamlashga xizmat qiladi.