Urganch davlat universiteti va Turkiyaning Hoji Bayram Vali universiteti o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi
UrDU va Turkiyaning nufuzli Hoji Bayram Vali universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu hujjat talabalar va professorlar almashinuvi hamda ilmiy sohadagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugun Urganch davlat universitetiga Turkiyaning Hoji Bayram Vali universiteti prorektori, professor Metin Orbay boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlar universitet rektori Feruza Madraximova bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi qardoshlik rishtalari, til, madaniyat va an’analar birligi, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va hamkorlik aloqalari alohida e’tirof etildi. Muzokaralar yakunida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi.
Mazkur memorandum quyidagi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi:
-
Professor-o‘qituvchilar hamda bakalavriat va magistratura talabalari almashinuvi;
-
Qo‘shma ilmiy-tadqiqot faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
-
Ilmiy seminarlar va anjumanlarda o‘zaro ishtirok etish.