WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY
← Barcha yangiliklar
28 IyulIyulIyul 2026 17 ko'rishlar

Strategik hamkorlik yangi bosqichda: Buxoro davlat texnika universiteti delegatsiyasi Belarus Milliy texnika universitetida

Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova boshchiligidagi delegatsiya Belarus Milliy texnika universitetiga (BMTU) tashrif buyurdi. Tashrif davomida BMTU rahbariyati ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish, masofaviy ta’limni rivojlantirish, akademik mobillikni faollashtirish hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar energetika, qurilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlash, o‘zbekistonlik talabalar uchun Belarus korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish, xalqaro grantlar, qo‘shma ilmiy konferensiyalar va ilmiy nashrlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

Shuningdek, talabalar almashinuvini rivojlantirish maqsadida qishki va yozgi maktablarni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur loyiha talabalarning kasbiy salohiyatini oshirish bilan birga, ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


Uchrashuv yakunida BMTUning zamonaviy ilmiy-ta'lim markazlari va ilg'or laboratoriyalari bilan tanishildi hamda istiqboldagi qo'shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur tashrif Buxoro davlat texnika universiteti va Belarus Milliy texnika universiteti o'rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, ta'lim va ilm-fan sohasidagi o'zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish yo'lida muhim qadam bo'ldi.


Quvonarlisi shundaki, Belarus milliy texnika universitetida Oʻzbekiston–Belarus milliy markazi tashkil etilgan bo‘lib, u ikki xalqning boy milliy madaniyati, urf-odat va an'analarini namoyon etish, o‘zaro anglashuv hamda madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Boshqa yangiliklar