Qo‘qon davlat universitetining ta’lim salohiyati Boku ko‘rgazmasida namoyish etilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, 2–4 may kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari ishtirokida ta’lim ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xorijiy abituriyentlarga mamlakatimizdagi oliy ta’lim imkoniyatlarini namoyish etish maqsadida tashkil etilgan.
Ushbu nufuzli tadbirda Qo‘qon davlat universiteti delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma doirasida universitet vakillari ozarbayjonlik yoshlar, ota-onalar va ta’lim sohasi mutaxassislariga Qo‘qon davlat universitetining boy tarixi, ilmiy salohiyati, mavjud fakultetlar va yo‘nalishlar, xalqaro hamkorlikdagi loyihalar, akademik mobillik dasturlari hamda talabalar hayoti haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etmoqda.
Koʻrgazmada universitet tomonidan tayyorlangan axborot materiallari, promo-roliklar, ko‘rgazmali vositalar ishtirokchilarda universitet hayoti va ta’lim sifati bo‘yicha ijobiy taassurot qoldirmoqda. Tadbir davomida ta’lim muassasalari va tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.
Qo‘qon davlat universitetining mazkur ko‘rgazmadagi ishtiroki, universitetning xalqaro maydondagi nufuzi va salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.