Istanbul shahrida “Oilani mustahkamlash bo‘yicha I xalqaro konferensiya” bo‘lib o‘tmoqda
Joriy yilning 14–18-fevral kunlari Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida joylashgan Istanbul Tijorat universitetida “O‘zbek xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish” jamiyati tashabbusi bilan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida “Oilani mustahkamlash bo‘yicha I xalqaro konferensiya” bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur nufuzli xalqaro konferensiyada Urganch davlat universiteti Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Nilufar Atajanova faol ishtirok etib, “Oila tarbiyasida qadriyatlar va shaxs ma’naviy kamoloti” mavzusida ma’ruza qilmoqda. Taqdimotda oilaning jamiyatdagi o‘rni, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati keng yoritib berildi. Shuningdek, ushbu anjumanda Turkiyaning KADEM tashkiloti rahbari Sümeyye Erdoğan Bayraktar xonim ham ishtirok etib, Turkiya va O‘zbekiston oilalarida xotin-qizlarning huquq, burch va erkinliklari mavzusida ma’ruza qildi. Uning chiqishi oilada ayol mavqeini mustahkamlash, jamiyatda gender tenglik va ijtimoiy mas’uliyatni oshirish masalalariga bag‘ishlandi. Mazkur xalqaro anjuman Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
