WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY
Guliston davlat universiteti

Matematika

Bakalavr Kunduzgi 4 yil

Dastur haqida

60540100 – Matematika va 60540200 – Amaliy matematika ta’lim yo‘nalishlari fan sohasidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘lib, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim muassasalari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya, sug‘urta, statistika, iqtisodiyot, ishlab chiqarish, davlat boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarda matematik tahlil, matematik modellashtirish, hisoblash usullari, ma’lumotlarni qayta ishlash, ilmiy-pedagogik va muhandislik faoliyati bilan bog‘liq kasbiy sohalar majmuasini qamrab oladi.

Tarkib va o‘quv reja

Ta’lim yo‘nalishlarida talabalar matematik analiz, algebra va sonlar nazariyasi, analitik va differensial geometriya, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, diskret matematika, matematik mantiq, funksional analiz, optimallashtirish usullari, hisoblash matematikasi, matematik modellashtirish, sonli usullar, algoritmlar va dasturlash, ma’lumotlar bazalari, sun’iy intellekt elementlari, axborot texnologiyalari hamda matematikani o‘qitish metodikasi bo‘yicha fundamental nazariy va amaliy bilimlarni egallaydilar. Xususan, Amaliy matematika ta’lim yo‘nalishida matematik modellashtirish, optimallashtirish, dasturlash texnologiyalari, ma’lumotlarni tahlil qilish (Data Analysis), sun’iy intellekt elementlari, mashinaviy o‘qitish asoslari, iqtisodiy va texnik jarayonlarni matematik modellashtirish hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi.

O‘quv natijalari

Dasturni muvaffaqiyatli tugatgandan so‘ng bitiruvchi:

  • matematik analiz, algebra, geometriya, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika bo‘yicha nazariy hamda amaliy masalalarni mustaqil yecha oladi;
  • matematik modellashtirish usullaridan foydalangan holda tabiiy, texnik va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tahlil qiladi;
  • zamonaviy axborot texnologiyalari va matematik dasturiy paketlar yordamida hisoblash ishlarini amalga oshiradi;
  • ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib boradi, matematik masalalar yechimining algoritmlarini ishlab chiqadi hamda natijalarni tahlil qiladi;
  • respublika va xorijda chop etilgan ilmiy adabiyotlarni o‘rganadi, ilmiy axborotlarni izlaydi, tahlil qiladi va ulardan kasbiy faoliyatda foydalanadi;
  • matematik tadqiqotlarni tashkil etish, tajriba natijalarini statistik qayta ishlash va ilmiy asoslangan xulosalar chiqarishda ishtirok etadi;
  • matematika fanini o‘qitishda zamonaviy pedagogik va raqamli ta’lim texnologiyalarini qo‘llaydi;
  • matematik modellashtirish, optimallashtirish va prognozlash usullaridan ishlab chiqarish, iqtisodiyot va muhandislik sohalarida foydalanadi;
  • kasbiy faoliyatida mantiqiy, analitik va tanqidiy fikrlash, mustaqil qaror qabul qilish hamda jamoada ishlash kompetensiyalariga ega bo‘ladi.

Karyera imkoniyatlari

Bakalavr dasturi bitiruvchilari umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim muassasalarida matematika fanidan o‘qituvchi, metodist, kabinet mudiri, laborant va katta laborant lavozimlarida faoliyat yuritishlari mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari korxonalari, dasturiy ta’minot ishlab chiqish markazlari, bank-moliya va sug‘urta tizimi, statistika organlari, sanoat korxonalari, loyiha va muhandislik tashkilotlari, data-markazlar, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi korxonalar, konsalting kompaniyalari hamda davlat va nodavlat tashkilotlarida matematik, amaliy matematik, dasturchi, ma’lumotlar tahlilchisi (Data Analyst), biznes-analitik, statistik, modellashtirish bo‘yicha mutaxassis, ilmiy xodim, tadqiqotchi va muhandis sifatida faoliyat yuritishlari mumkin. Shuningdek, ular magistratura bosqichida ta’limni davom ettirish hamda ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

O'xshash dasturlar