WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY

“Cyber University” davlat universiteti

Toshkent viloyati Davlat Veb-sayt

971

Talabalar

0

Xorijiy talabalar

40

O'qituvchilar

2

Fakultetlar

4

Kafedralar

2025

Tashkil etilgan

Video va rasmlar

Universitet haqida

“Cyber university” davlat universiteti kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar hamda raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan zamonaviy davlat oliy ta’lim muassasasidir. Universitet ta’lim, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni o‘zaro integratsiyalash, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish hamda davlat organlari va xususiy sektor ehtiyojlariga mos amaliy ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilagan. Shuningdek, universitet zamonaviy laboratoriyalar, ilg‘or ta’lim texnologiyalari va xalqaro tajribaga tayangan holda mamlakatning raqamli transformatsiyasiga hissa qo‘shishni maqsad qilgan. Universitet O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-yanvardagi PQ-14-son qarori bilan tashkil etilgan.

Xorijiy talabalar uchun

Roʻyxatdan oʻtish va mahalliy rasmiylashtiruv: Oʻzbekistonga kelganingizdan soʻng migratsiya organlarida roʻyxatdan oʻtish, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda mahalliy tartib-taomillarga moslashish jarayonida universitet maʼmuriyati va Xalqaro hamkorlik departamenti sizga amaliy koʻmak koʻrsatadi.

    

Kafolatlangan yotoqxona: Xorijiy talabalar universitet talabalar turar joyidan oʻrin bilan kafolatli taʼminlanadi. Yotoqxonaga joylashish, ariza topshirish va yashash bilan bogʻliq barcha tashkiliy masalalarda ma’muriyat va xalqaro hamkorlik bo’limi sizni qoʻllab-quvvatlaydi.

Yangi muhitga moslashish: Yangi mamlakat, madaniyat va taʼlim tizimiga moslashish muayyan vaqt talab qilishi tabiiy. Universitet tomonidan tashkil etiladigan tanishtiruv dasturlari, moslashuv tadbirlari, tajribali yoʻriqchilar (advisors) hamda mahalliy va xorijiy talabalar bilan hamkorlikdagi faoliyatlar yangi muhitga tezroq moslashishingiz va oʻzingizni ishonchli his qilishingizga yordam beradi.

Real amaliy tajriba:  Taʼlim jarayonida nazariy bilimlarni amaliyot bilan uygʻunlashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Oʻqish davomida mahalliy va xalqaro kompaniyalarda amaliyot oʻtash, sanoat hamkorlari bilan real loyihalarda ishtirok etish hamda kelajakdagi kasbiy faoliyatingiz uchun zarur boʻlgan amaliy tajribani shakllantirish imkoniyatiga ega boʻlasiz.

Xalqaro sertifikatlar va ilgʻor mutaxassislardan taʼlim: Oʻqish davomida sohangiz boʻyicha xalqaro eʼtirof etilgan sertifikatlarni qoʻlga kiritish, kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt va zamonaviy axborot texnologiyalari yoʻnalishlaridagi yetakchi mahalliy hamda xorijiy mutaxassislarning mahorat darslari va treninglarida qatnashish orqali bilim va malakangizni xalqaro talablar darajasida rivojlantirish imkoniyatiga ega boʻlasiz.

IT va intellektual rivojlanish: Universitetda muntazam tashkil etiladigan dasturlash, kiberxavfsizlik (CTF), robototexnika va sun’iy intellekt bo‘yicha musobaqalar hamda tanlovlar nazariy bilimlaringizni amaliyotda sinash, tajriba orttirish va iqtidoringizni namoyon etish uchun qulay imkoniyat yaratadi.

Xalqaro hamkorlik

Xalqaro hamkorlik
“Cyber University”ning xalqaro hamkorligi universitet rivojlanishining muhim ustuvor yoʼnalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu faoliyat universitetni global akademik makonga integratsiya qilish, zamonaviy taʼlim va ilmiy muhitni shakllantirish, shuningdek, jahon tajribasini taʼlim, tadqiqot va amaliy loyihalarga joriy etishga qaratilgan.
“Cyber University” oʼz oldiga kiberxavfsizlik, axborotni himoya qilish, dasturiy muhandislik, raqamli huquq, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt va raqamli  iqtisodiyot kabi ustuvor yoʼnalishlarda xalqaro darajada tan olinadigan universitet va kompetentsiyalar markaziga aylanish maqsadini qoʼygan.

Universitetning xalqaro faoliyati ushbu maqsadga xizmat qilib, barqaror hamkorlik aloqalarini yoʼlga qoʼyish, transmilliy tashabbuslarda ishtirok etish hamda ilgʼor xalqaro tajribani oʼquv va ilmiy jarayonlarga bosqichma-bosqich tatbiq etishni nazarda tutadi.

Strategik yo'nalishlar
“Cyber University”ning xalqaro faoliyati quyidagi maqsadlarga qaratilgan:
• taʼlim va ilm-fan sifatini xalqaro tajriba, zamonaviy metodologiyalar va ilgʼor resurslar asosida oshirish;
• yangicha fikrlaydigan, global mehnat bozorida raqobatbardosh va akademik mobillikka tayyor mutaxassislar avlodini shakllantirish;
• xalqaro akademik hamkorlik muhitini rivojlantirish;
• universitetning xalqaro akademik va sohaviy reytinglardagi nufuzini oshirish;
• mahalliy va xalqaro raqamli ekotizimlar rivojiga amaliy hissa qoʼshish.

Xalqaro hamkorlik formatlari
“Cyber University” xalqaro faoliyatni turli amaliy formatlarda rivojlantirishga intilmoqda. Jumladan:
• yetakchi xorijiy universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari va texnologik kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini yoʼlga qoʼyish;
• hamkorlik memorandumlari va kelishuvlarini imzolash;
• qoʼshma taʼlim tashabbuslari va akademik dasturlarni ishlab chiqish;
• xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan akademik aloqalar va kasbiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, mavzuli maktablar, treninglar va almashinuv tashriflarida ishtirok etish;
• qoʼshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va xalqaro tadqiqot konsortsiumlarida ishtirok etish;
• xalqaro grant tashabbuslarida qatnashish;
• ilmiy muloqot va tajriba almashishga qaratilgan xalqaro konferentsiyalar, forumlar, seminarlar va xakatonlar tashkil etish;
• raqamli texnologiyalar sohasida global professional hamjamiyatni rivojlantirishga xizmat qiladigan bitiruvchilar tarmoqlarini shakllantirish.

Hamkorlik geografiyasi va xalqaro sheriklar
“Cyber University”ning xalqaro hamkorlik geografiyasi АQSh, Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Polьsha kabi davlatlarni qamrab olmoqda.

Xususan, universitet tomonidan 17 ta hamkorlik memorandumlari tuzilgan. Ularning 9 tasi xorijiy oliy taʼlim muassasalari va akademik markazlar bilan yoʼlga qoʼyilgan.
Jumladan, АQSh (Vashington universiteti,  Shimoliy Jorjiya universiteti), Xitoy (Sidian universiteti, Xitoy Elektron fan va texnologiyalar universiteti), Yaponiya (Teykyo universiteti), Koreya Respublikasi (Konkuk universiteti), Polьsha (Poznanь texnologiya universiteti, Sileziya texnologiya universiteti).
Shuningdek, universitet kompaniyalar, akademiyalar, ilmiy-tadqiqot va sohaviy tashkilotlar bilan ham hamkorlikni rivojlantirmoqda. Ular qatorida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Unicon.Uz, Uztelecom, Latmedia Group, BIT Computer, Check Point, Group-IB, Mondrian AI va Beeline kabi tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro akademiyalar va konsortsiumlarda ishtirok
“Cyber University” xalqaro akademik va professional tarmoqlarga integratsiyalashuvni ham izchil rivojlantirmoqda. Universitet 5 ta xalqaro akademiya va konsortsium doirasida ishtirok etmoqda:
• Cybersecurity Clinics Consortium;
• Cisco Academy;
• Check Point Secure Academy;
• Huawei ICT Academy;
• CompTIA.

Ushbu hamkorlik formatlari universitetga xalqaro tajribani oʼrganish, talabalar va professor-oʼqituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, amaliy koʼnikmalarni kuchaytirish hamda kiberxavfsizlik va raqamli texnologiyalar sohasida global professional muhitga yaqinlashish imkonini beradi.

“Cyber University” uchun xalqaro hamkorlik – bu nafaqat tashqi aloqalar, balki zamonaviy taʼlim sifati, ilmiy salohiyat, amaliy innovatsiyalar va raqamli kelajak uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning muhim strategik vositasidir.

Til kurslari

Universitetda ta'lim o'zbek, rus tillarida olib boriladi.  Talabalarga ikkinchi kursdan ta'lim tili ingliz tilida olib boriladi.

Fakultetlar

Huquq va biznes fakulteti universitetning raqamli iqtisodiyot, zamonaviy boshqaruv va huquqiy tizimlar rivojlanayotgan sharoitda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan o'quv bo‘linma hisoblanadi. Fakultetning asosiy maqsadi iqtisodiyot, biznes va huquq sohalarini chuqur egallagan, shu bilan birga kiberxavfsizlik, raqamli transformatsiya va zamonaviy axborot texnologiyalarining imkoniyatlarini amaliy faoliyatda samarali qo‘llay oladigan mutaxassislarni tayyorlashdir.

Fakultet ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalar va kiberxavfsizlikni barcha ta’lim yo‘nalishlariga integratsiya qiladi. Talabalar an’anaviy kasbiy bilimlar bilan bir qatorda raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat, ma’lumotlarni tahlil qilish, sun’iy intellekt, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, kiberhuquq, axborot xavfsizligini boshqarish hamda raqamli risklarni baholash kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha ham bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar. Bunday yondashuv bitiruvchilarning davlat va xususiy sektorda yuz berayotgan raqamli transformatsiya jarayonlariga faol hissa qo‘shishiga xizmat qiladi.

Fakultet tarkibida uchta ta’lim yo‘nalishi faoliyat yuritadi. Yurisprudensiya yo‘nalishi kiberhuquq, raqamli kriminalistika, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, elektron shartnomalar va xalqaro kiberjinoyatlarga qarshi kurashning huquqiy asoslarini o‘rgatadi. Iqtisodiyot yo‘nalishi raqamli iqtisodiyot, fintech, iqtisodiy tahlil, ma’lumotlarga asoslangan qaror qabul qilish va kiberxavfsizlikning iqtisodiy jihatlariga alohida e’tibor qaratadi. Menejment yo‘nalishi esa raqamli transformatsiya, innovatsion boshqaruv, kiberxavfsizlik risklarini boshqarish, korporativ boshqaruv va strategik qarorlar qabul qilish bo‘yicha zamonaviy bilimlarni shakllantiradi.

Fakultetda ta’lim amaliy loyihalar, biznes vakillari, davlat tashkilotlari va xalqaro hamkorlar ishtirokidagi seminarlar hamda real biznes muammolarini yechishga qaratilgan keyslar asosida tashkil etiladi. Natijada bitiruvchilar raqamli davr talablariga mos, huquq, iqtisodiyot va boshqaruv sohalarida kiberxavfsizlikni ustuvor yo‘nalish sifatida tushunadigan raqobatbardosh mutaxassislar sifatida mehnat bozoriga kirib keladilar.

Muhandislik fakulteti universitetning raqamli texnologiyalar, zamonaviy muhandislik yechimlari va kiberxavfsizlik sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan yetakchi o'quv bo‘linmasi hisoblanadi. Fakultetning asosiy maqsadi zamonaviy axborot tizimlarini loyihalash, ishlab chiqish, boshqarish va ularning kiberxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chuqur nazariy bilim hamda amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan muhandislarni tayyorlashdan iborat.

Fakultet faoliyatining markazida kiberxavfsizlik tamoyillari turadi. Raqamli infratuzilmalar, dasturiy mahsulotlar va kompyuter tizimlarini yaratish, mavjud ta’lim yo‘nalishlarida axborot xavfsizligi, xavfsiz dasturlash, tarmoq himoyasi, xavfsizlik testlari va tahdidlarni boshqarish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Fakultet tarkibida uchta zamonaviy ta’lim yo‘nalishi faoliyat yuritadi. Kiberxavfsizlik injiniring yo‘nalishi kiberhujumlardan himoyalangan tizimlar, xavfsizlik arxitekturasi va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydi. Dasturiy injiniring yo‘nalishi xavfsiz dasturiy ta’minot ishlab chiqish, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va DevSecOps tamoyillariga asoslangan zamonaviy dasturchilarni yetishtiradi. Kompyuter injiniringi yo‘nalishi esa kompyuter arxitekturasi, IoT, o‘rnatilgan tizimlar, tarmoqlar va apparat-dasturiy komplekslarni loyihalash hamda ularning kiberxavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Fakultetda ta’lim zamonaviy laboratoriyalar, sohadadgi hamkorlar ishtirokidagi amaliy loyihalar, xalqaro sertifikatlash dasturlari va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uyg‘unlashtirilgan. Bitiruvchilar davlat va xususiy sektor, bank-moliya, telekommunikatsiya, mudofaa, sanoat hamda xalqaro IT kompaniyalarida kiberxavfsizlik muhandisi, dasturiy ta’minot muhandisi, tizim arxitektori, tarmoq muhandisi va axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis sifatida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ta'lim yo'nalishlari

Axborot xavfsizligi (yo‘nalishlar bo‘yicha) 70610302 Magistr
Dasturiy injiniring 60610400 Bakalavr
Iqtisodiyot 60410100 Bakalavr
Kiber huquqi 70420131 Magistr
Kiberxavfsizlik injiniringi 60612100 Bakalavr
Kompyuter injiniringi 60610300 Bakalavr
Menejment 60410800 Bakalavr
Yurisprudensiya 60420100 Bakalavr
Yurisprudensiya: (faolioyat turlari bo'yicha) 60420100 Bakalavr

Mashhur bitiruvchilar

Jo'rayev Isfandiyor

Talaba, "LogBIT" startapi asoschisi

Rahmatullayeva Sabina

Talaba, sportning kick-boks turi bo'yicha Osiyo chempioni