Toshkent davlat yuridik universitetida Pokiston ta’lim sohasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent davlat yuridik universitetida Pokiston Islom Respublikasining ta’lim sohasi vakillaridan iborat rasmiy delegatsiya bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda TDYU rektori Baxshillo Xodjayev universitetning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ustuvor yo‘nalishlari, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda xalqaro maydondagi faoliyati haqida ma’lumot berdi.
Muzokaralar davomida Pokistondan talabalarni TDYUga jalb etish, ular uchun mavjud ta’lim imkoniyatlari, qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish va universitetning xalqaro dasturlarini Pokistonda keng targ‘ib etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, GEMS Middle East Holding ijrochi direktori Amir Saadati Buyuk Britaniyaning University of Greenwich bilan hamkorlikda O‘zbekiston va Pokiston talabalari uchun qo‘shma PhD dasturini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur taklif tomonlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, uni amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim va ilmiy dasturlarni rivojlantirish hamda uzoq muddatli institutsional hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.