WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY
← Barcha yangiliklar
19 FevralFevralFevral 2026 12 ko'rishlar

Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan navbatdagi muhim xalqaro akademik uchrashuv tashkil etildi.

Rus tili va adabiyoti kafedrasi talabalari tashabbusi bilan Kaluga davlat universiteti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Tillar estafetasi: Kaluga – Namangan” onlayn muloqoti ko‘p tillilik, madaniy xilma-xillik va xalqaro o‘zaro anglashuv g‘oyalariga bag‘ishlandi.

Tadbir davomida rus, o‘zbek, arman, xitoy va boshqa tillarning tarixi, rivojlanish bosqichlari, madaniy qatlamlari haqida ilmiy-ommabop ma’ruzalar taqdim etildi. Talabalar milliy nutqiy formulalar, barqaror iboralar, folklor unsurlari, muloqot madaniyati va so‘zlarning ramziy ma’nolari orqali tilning nafaqat kommunikativ, balki madaniy xotira tashuvchisi ekanini yoritib berdilar.

Namangan davlat chet tillari instituti talabalari o‘zbek tilini taqdim etar ekan, uning ona tili, oila tili va ma’naviy meros vositasi sifatidagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Nutqlarda tilning avloddan-avlodga, avvalo, ona orqali o‘tadigan ma’naviy tayanch ekani ilmiy va madaniy jihatdan asoslab berildi.

Taqdimotlarda oilaviy nutqda keng qo‘llanadigan erkalash-kichraytirish shakllari, mehr va yaqinlikni ifodalovchi murojaatlar, shuningdek, xalqona qo‘shiq va allalar orqali tilning hissiy-ijtimoiylashuvdagi roli yoritildi. Talabalar ijro etgan qo‘shiq va alla parchalarida ritm, ohang va takrorning erta nutqiy rivojlanishdagi tabiiy mexanizm ekani namoyon bo‘ldi.

Mazkur uchrashuv ikki jihatdan muhim natija berdi:
— talabalarining lingvistik bilimlari, madaniyatlararo muloqot va notiqlik ko‘nikmalari mustahkamlandi;
— xalqaro gumanitar aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro hurmat va hamkorlik muhitini shakllantirishga xizmat qildi.

Boshqa yangiliklar