Xon atlas: milliy qadriyatlar va anʼanalar uygʻunligi.
Yoshlarda milliy gʻurur hissini uygʻotish, madaniy ildizlariga boʻlgan hurmat va qiziqishni kuchaytirish shuningdek, milliy liboslarni ommalashtirish maqsadida Qoʻqon davlat pedagogika institutida “Xon atlas” festivali koʻtarinki ruhda tashkil etildi.
Xalqimizning ming asrlik oʻtmishi, qadimiy urf-odat va anʼanalari, didi, estetik qarashlari shuningdek, oʻziga xos xususiyatlari hamda opa-singillarimizga mos ibo va hayoni aks ettirgan festival davomida milliy matolarimiz boʻlmish atlas va adrasning oʻziga xosligi, tabiiyligi va nafisligi, milliy liboslarimizning bejirim did va funksionalligi borasida fikrlar bildirildi. Nafosat, goʻzallik va oʻzbek ayol-qizlariga xos boʻlgan maʼnaviy fazilatlar haqida maʼlumotlar berildi.
Shundan soʻng, badiiy chiqishlarga navbat berilib, talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan turli kuy-qoʻshiqlar va raqslar ijrosi barchaga yuqori kayfiyat ulashildi.
Festival davomida institut pedagog ayollar hamda talaba qizlar atlas, adras, beqasam, banoras kabi rang-barang liboslarda kiyib, milliy matolar, urf-odat va anʼanalar naqadar boy maʼnaviy qadriyatga hamohang ekanligini namoyon etishdi.