“Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” – Qoʻqonda bayram shukuhi.
Navroʻz umumxalq bayrami Qoʻqon shahrida ham “Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanmoqda.
Tantanali tadbirni shahar hokimi M. Usmonov tabrik soʻzi bilan ochib, bu yilgi Navroʻz tantanalari shahrimizda oʻzgacha bir ruhda, yangiliklarga boy tarzda oʻtkazilayotganligini eʼtirof etdi.
Tadbirda soʻz olgan QDPI rektori D. Xodjayeva tinchlik, doʻstlik, birodarlik tuygʻularini mustahkamlash, xalqimiz, yosh avlod ongida Vatanimizning buguni va ertasiga daxldorlik tuygʻusini yanada mustahkamlashda Navroʻz bayramining oʻrni beqiyos ekanligini alohida taʼkidladi.
Tadbirlar doirasida institut jamoasi tomonidan tayyorlangan dasturda tosh koʻtarish singari milliy sport o‘yinlari, laparlar va aytishuvlar, kelin salom va milliy liboslar namoyishi kabi qadriyatlarimizdan namunalari koʻrsatildi.
Bahoriy bayramona xursandchilik xonadonlarga, mahallalarga, mehnat jamoalariga ko‘chgani tayin. Har kunimiz Navroʻzdek goʻzal, Navroʻzdek fayzli va mazmunli boʻlsin!