WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY
← Barcha yangiliklar
05 MayMayMay 2026 72 ko'rishlar

Zamonaviy tilshunoslik: Nizomiddin Mahmudov ishtirokida ilmiy muloqot

Qo‘qon davlat universiteti Gumanitar fanlar va tillar fakultetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov bilan ilmiy uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbirda fakultet professor-o‘qituvchilari, talabalar, magistrantlar hamda doktorantlar bilan bir qatorda filologiya fanlari doktori, professor M. Xakimov hamda M. Yoldoshevlar ham ishtirok etdi. Uchrashuv ilmiy-ma’rifiy ruhda o‘tib, ishtirokchilar uchun muhim bilim va tajriba almashish maydoniga aylandi.

Tadbir davomida zamonaviy o‘zbek tilshunosligining dolzarb yo‘nalishlari, til taraqqiyoti va ilmiy izlanishlarning bugungi holati yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi. Professor Nizomiddin Mahmudov o‘z nutqida tilning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, milliy tilni asrab-avaylash, uni rivojlantirish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borishda yangi yondashuvlarning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, zamonaviy lingvistik qarashlar, global tilshunoslikdagi tendensiyalar va ularning o‘zbek tilshunosligiga ta’siri yuzasidan qiziqarli ma’lumotlar berildi.

Uchrashuvning eng muhim jihatlaridan biri ochiq muloqot tarzida tashkil etilgani bo‘ldi. Talabalar va yosh tadqiqotchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassisdan batafsil javoblar oldi. Filologiya fanlari doktori, professor M. Xakimov hamda M. Yoldoshevlar tomonidan ham ilmiy izlanishlar olib borish, dissertatsiya mavzularini tanlash, ilmiy maqolalar yozish va ularni nufuzli jurnallarda chop etish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Bu esa ishtirokchilarda ilmiy faoliyatga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

Mazkur uchrashuv nafaqat ilmiy, balki ma’naviy jihatdan ham boy mazmunga ega bo‘ldi. Unda til va adabiyotga bo‘lgan hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat, ilmga intilish kabi fazilatlar keng targ‘ib qilindi. Tadbir yakunida yuksak hurmat va ehtirom ramzi sifatida Nizomiddin Mahmudovga milliy an’analarimizga xos ravishda chopon kiydirildi. Bu esa uchrashuvga o‘zgacha ruh bag‘ishlab, ishtirokchilar qalbida iliq taassurotlar qoldirdi.

Gumanitar fanlar va tillar fakultetida o‘tkazilgan mazkur ilmiy uchrashuv talaba-yoshlarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, ularni tilshunoslik sohasiga chuqurroq qiziqtirish va kelgusida yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladigan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.

Boshqa yangiliklar