Kelajak kasblari, xalqaro ta'lim va grantlar: SIUT Open Day tadbirida nimalar taqdim etildi?
Sun'iy intellekt, kiberxavfsizlik, robototexnika, moliyaviy texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari...
Sun'iy intellekt, kiberxavfsizlik, robototexnika, moliyaviy texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari...
Yaqin vaqtgacha kelajak kasblari sifatida qaralgan yo'nalishlar bugun global mehnat bozorida eng talabgir sohalardan biriga aylanmoqda. Bunday sharoitda yoshlar oldida muhim savol turadi: qaysi kasbni tanlash kerak va u kelajakda ham dolzarb bo'lib qoladimi?
12-iyun kuni Samarkand International University of Technologyda Open Day tadbiri bo'lib o'tdi. Unda aynan shu savollarga javob izlayotgan abituriyentlar, ota-onalar va ta'lim sohasi vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida mehmonlar universitetning zamonaviy ta'lim muhiti, xalqaro akademik salohiyati, yangi ta'lim dasturlari va qabul imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Open Day doirasida universitet fakultetlari maxsus ko'rgazmalar va taqdimotlar tashkil etdi. Har bir akademik yo'nalish o'z ta'lim dasturlari, amaliy loyihalari, zamonaviy laboratoriyalari va o'quv jarayonining o'ziga xos jihatlarini namoyish qildi. Mehmonlar muhandislik, energetika, axborot texnologiyalari, sun'iy intellekt, kiberxavfsizlik, aqlli robototexnika, moliyaviy texnologiyalar, biznes, dizayn, turizm va mehmondo'stlik kabi bugun va kelajakda eng talabgir yo'nalishlar bilan yaqindan tanishdi.
Tadbirda 2026-2027 o'quv yili uchun qabul jarayoni bo'yicha yangiliklar ham taqdim etildi. Ta'kidlanganidek, universitet mehnat bozori ehtiyojlari va global texnologik tendensiyalarga mos holda yangilangan va yangi ta'lim dasturlarini joriy etdi. Xususan, sun'iy intellekt, kiberxavfsizlik, aqlli robototexnika, moliyaviy texnologiyalar, elektrotexnika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va boshqa istiqbolli yo'nalishlar zamonaviy talablar asosida ishlab chiqildi.
SIUTning xalqaro akademik muhiti ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg'otdi. Bugungi kunda universitetda 14 mamlakatdan 40 nafardan ortiq xorijiy professor va mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Ta'lim jarayonining muhim qismi xalqaro professor-o'qituvchilar tomonidan olib boriladi, bu esa talabalarga xalqaro tajriba orttirish, zamonaviy bilimlarni egallash va global dunyoqarashni shakllantirish imkonini beradi.
Ochiq muloqot davomida mehmonlar xalqaro amaliyot va trening dasturlari, akademik almashinuv loyihalari, xalqaro hamkor universitetlar bilan qo'shma dasturlar, shuningdek, zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis bo'lish imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot oldi. Ishtirokchilar talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, amaliyotga yo'naltirilgan ta'lim modeli, xalqaro loyihalarda qatnashish va xorijda tajriba orttirish imkoniyatlari bo'yicha savollariga ham javob oldi.
Qabul imtiyozlari va grant dasturlari ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi. Xususan, B1 darajadagi xalqaro til sertifikatiga ega abituriyentlarga chet tili bloki bo'yicha maksimal ballning 75 foizi berilishi ma'lum qilindi. Ingliz tili bo'yicha B2 yoki undan yuqori darajadagi sertifikatga ega abituriyentlar, shuningdek SAT imtihonida 1100 va undan yuqori ball to'plagan abituriyentlar kirish imtihonlaridan ozod etiladi. Bundan tashqari, SAT bo'yicha 1400 va undan yuqori, IELTS xalqaro imtihonida esa 8.0 va undan yuqori natija ko'rsatgan abituriyentlar uchun ta'sischi granti ajratilgan. Shuningdek, har bir ta'lim yo'nalishida eng yuqori natijaga ega bo'lgan bitta abituriyent ham ta'sischi grantini olish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Tadbir davomida SIUT talabalari ham o'z tajribalari bilan o'rtoqlashdi. Ular xalqaro tanlovlar, ilmiy loyihalar, amaliyot dasturlari va xorijdagi ta'lim safarlaridagi ishtiroki haqida so'zlab, universitetdagi o'qish va talabalar hayotining muhim jihatlarini yoritib berdi.
Mehmonlar universitetning zamonaviy auditoriyalari, laboratoriyalari, kutubxonasi va ta'lim resurslarini ham ko'zdan kechirib, SIUTda yaratilgan xalqaro akademik muhit va zamonaviy infratuzilmani bevosita ko'rish imkoniga ega bo'ldi.
Open Day bugungi kunda universitet tanlash faqat ta'lim muassasasini tanlash emas, balki kelajak kasbi, xalqaro tajriba va yangi imkoniyatlarni tanlash ekanini yana bir bor namoyish etdi. SIUT zamonaviy bilim, amaliy tajriba va global dunyoqarashni uyg'unlashtirib, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratishda davom etmoqda.
Eslatib o'tamiz, Samarkand International University of Technologyda 2026-2027 o'quv yili uchun qabul davom etmoqda.