WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY
← Barcha yangiliklar
09 IyunIyunIyun 2026 90 ko'rishlar

Ilmiy yutuqlar va iqtidorli yoshlar e’tirof etildi

Qo‘qon davlat universitetida bo‘lib o‘tgan navbatdagi Kengash majlisi ilm-fan, ta’lim va yoshlar yutuqlarini e’tirof etishga bag‘ishlangan muhim tadbirlardan biri sifatida tashkil etildi. Unda universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar hamda turli fan olimpiadalari, tanlovlar va sport musobaqalarida muvaffaqiyat qozongan iqtidorli yoshlarning erishgan natijalari alohida e’tirof etildi.

Universitet prorektori Oybek Bozorov raisligida o‘tgan yig‘ilishda jamoaning ilmiy salohiyatini oshirish, ta’lim sifatini yuksaltirish va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan professor-o‘qituvchilar hamda xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli tanlovlar, olimpiadalar va sport musobaqalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan talabalar va o‘quvchilarning yutuqlari jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.

Tadbir davomida Oliy attestatsiya komissiyasining tegishli qarorlariga asosan ilmiy daraja va ilmiy unvonlarga sazovor bo‘lgan professor-o‘qituvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Mazkur e’tirof ularning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari, pedagogik faoliyati hamda mamlakat ilm-fani rivojiga qo‘shayotgan hissasining munosib bahosi sifatida qayd etildi.

Yig‘ilishda yoshlarning ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni ilm-fan va innovatsion faoliyatga keng jalb etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan “Al-Farg‘oniy” olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan g‘oliblar taqdirlandi. Ularga sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alari topshirilib, kelgusidagi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilandi.

Ta’kidlanganidek, bunday e’tirof va rag‘batlantirish tadbirlari professor-o‘qituvchilar hamda yoshlarning ilmiy izlanishlarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularni yangi marralar sari ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur tadbir universitet jamoasining ilmiy va ma’naviy hayotida muhim voqea bo‘lib, erishilgan yutuqlarni e’tirof etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda yangi muvaffaqiyatlar sari intilish ruhini mustahkamlashga xizmat qildi. Universitet rahbariyati tomonidan bildirilgan e’tibor va rag‘bat esa professor-o‘qituvchilar hamda yoshlarni yanada samarali faoliyat yuritishga undovchi muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Boshqa yangiliklar