Fan va texnologiyalar universitetida talabalarning innovatsion salohiyatini oshirish hamda zamonaviy moliya vositalari bilan tanishtirish maqsadida “Startap va venchur ekotizimi” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

“Moliya” kafedrasi o‘qituvchisi Nozima Masharipova tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu tadbirda “Moliya va moliya texnologiyalari” yo‘nalishi talabalari ishtirok etishdi. Seminar davomida startap loyihalarni shakllantirish, ularga sarmoya jalb qilish hamda venchur investitsiyalar orqali biznes g‘oyalarni rivojlantirishning amaliy jihatlari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirga soha eksperti — “Aloqaventures” venchur fondi direktori Suxrob G‘aybullayev spiker sifatida taklif etildi. Ekspert o‘z nutqida startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda venchur moliyalashtirishning bugungi kundagi ahamiyati haqida dolzarb ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Ma’lumot uchun: “Aloqaventures” venchur fondi mamlakatimizdagi yetakchi investitsiya tuzilmalaridan biri bo‘lib, bugungi kunga qadar jami 77 ta startap loyihaga 10,3 mln dollar miqdorida sarmoya kiritgan. Diqqatga sazovor jihati, fond faoliyati jadal kengayib bormoqda: birgina 2025-yilning o‘zida 46 ta loyiha 6,3 mln dollar hajmidagi investitsiyalarni qo‘lga kiritgan.

Seminar yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va real loyihalar misolida venchur ekotizimining ishlash prinsiplari bilan yaqindan tanishdilar. Bu kabi tadbirlar kelajakda yosh mutaxassislarning innovatsion tadbirkorlik sohasidagi bilimlarini boyitishga xizmat qiladi.