Toshkent davlat yuridik universiteti rektori talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi
Universitet rektoriga talabalarni TTJ va ijara xonadonlariga joylashtirish bo‘yicha ma’lumot markazi hamda Call-center faoliyati haqida ma’lumot taqdim etildi. Shu bilan birga, mas’ullar tomonidan shakllantirilgan ijara xonadonlarining holati, manzillari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda universitetning jami 1153 ta o‘ringa mo‘ljallangan 3 ta talabalar turar joyi yangi o‘quv yiliga tayyorlangani, 750 dan ortiq ijara xonadonidan iborat baza shakllantirilgani, mazkur ijara xonadonlarida 2800 nafargacha talabani joylashtirish imkoniyati mavjudligi haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, talabalarni turar joy bilan ta’minlash, ijara xonadonlari bo‘yicha zarur ma’lumotlarni tezkor taqdim etish va joylashtirish jarayonini muvofiqlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shundan so‘ng universitet rektori 1- va 2-talabalar turar joylariga tashrif buyurib, ularning 2026/2027-o‘quv yiliga tayyorgarlik holatini o‘rgandi.
Tashrif davomida talabalarning yashash sharoitlari, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar, xonalarning holati, ta’mirdan chiqarilgan yuvinish xonalari ko‘zdan kechirildi.