Dissertatsiya ishlarining boshlanishi, kechikib bitirganlar va Toshkentga yuborilgan talabalar — Qoʻqon DU oʻtmishiga sayohat.
1939-yil. Davr murakkab, ammo orzular ulkan edi. Ana shu yillarda ta’lim maskani o‘z hayotida muhim burilish yasab, kunduzgi davlat o‘qituvchilar institutiga aylantirildi. Bu — yangi mas’uliyat, yangi intilishlarning boshlanishi edi. Institut tarkibida kafedralar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Endilikda nafaqat dars berish, balki ilmiy izlanishlar olib borish ham dolzarb vazifaga aylandi. O‘qituvchilar dissertatsiya mavzulari ustida bosh qotira boshladilar. Notanish atamalar bilan to‘la munozaralarga boy kunlar boshlandi.
Ko‘plab fanlar bo‘yicha mutaxassis o‘qituvchilar yetishmasdi. Shu boisdan ayrim fakultetlarda fanlar to‘liq o‘tilmay qolgan, talabalarning bitirish imtihonlari esa keyingi yilga surilgan. Ba’zan esa bu uzilishlar ularni 8–9 yil davomida institutga bog‘lab qo‘ygan.
Bu borada eng esda qolarli voqealardan biri — Maktabgacha ta’lim fakulteti oxirgi kurs talabalari bilan bog‘liq. Zarur fanlar o‘qitilmagani sababli, ular Toshkentga — oʻtilmay qolgan ma’ruzalarni tinglash uchun yuborilgan. Toshkentda ularga o‘z davrining yetuk olimi, professor Flerina dars berdi. Bu tajriba ikki marta takrorlandi.
Bugun biz ilm-ma’rifat yo‘lida borayotgan universitetning ilk qadamlarini eslab, faxr bilan ayta olamiz — bu oddiy yoʻl emas, balki orzular, umidlar, qat’iyat va sabr bilan yo‘g‘rilgan muhtasham yoʻldir.