UrDU rektori Ispaniyadan Xitoy delegatsiyasi bilan onlayn muloqot o‘tkazdi: "2+1+1" dasturi muhokama markazida
UrDU rektori F.Madrahimova Ispaniyadan turib Xitoyning XCMG korporatsiyasi va Xuzhou universiteti rahbarlari bilan mashinasozlik yo‘nalishidagi yangi qo‘shma dastur tafsilotlarini kelishib oldi.
Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova Ispaniyaga xizmat safari davomida Barselona xalqaro aeroportidan turib Xitoyning nufuzli XCMG kompaniyasi va Xuzhou texnika universiteti rahbariyati bilan onlayn muloqot o‘tkazdi. Muzokaralarda 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab texnika va mashinasozlik yo‘nalishlarida yo‘lga qo‘yiladigan "2+1+1" qo‘shma ta’lim dasturining tashkiliy masalalari muhokama qilindi.
Dasturning asosiy yo‘nalishi sifatida dual ta’lim (nazariya va amaliyot uyg‘unligi) belgilangan. Muloqot davomida Xitoy delegatsiyasining V Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi ishtiroki hamda 19-iyun kuni Oliy ta’lim vazirligida imzolanadigan uch tomonlama bitim yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, 20-iyun kuni Xitoy delegatsiyasining Urganchga rasmiy tashrifi kutilmoqda.