Samarqand shahri
Samarqand viloyati
550,800
Aholi
14
Universitetlar
16
Muzeylar
10
Kutubxonalar
1
Aeroportlar
1
Temir yo'l vokzallari
Shahar haqida umumiy ma’lumotlar
Samarqand - Madaniyatlar chorrahasi Samarqandni chinakam noyob shahar, deb atash mumkin!
Dunyoning eng buyuk shoir va faylasuflari uni - qalb bog‘i, sharq durdonasi, dunyoning ko‘zgusi va hatto yer yuzi deb atashganlarida ham, ular bu go‘zal shaharning barcha go‘zalligi va boyliklarini tasvirlab berolmagan bo‘lardilar.
Samarqand 2750 yillik tarixga ega Zarafshon vohasining markaziy qismida joylashgan shahar. U Movarounnahrda mavjud bo‘lgan ko‘plab davlatlar uchun poytaxt vazifasini o‘tagan. Uning o‘rta asrlardagi gullab yashnashi Amir Temur va undan keyin uning nabirasi Mirzo Ulug‘bek davriga to‘g‘ri kelsa, temuriylar mulkiga voris bo‘lgan Muhanmmad Shaynboniyxon davrida ham shahar Taraqqiyotdan to‘xtab qolmadi. Mang‘itlardan bo’lgan Amir Shohmurod ham shaharda katta bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi. Samarqand 1868-yildan Rossiya imperiiyasiga qaram shaharga aylandi. 1938-yilda Samarqand viloyati tashkil etildi. 1991-yil Mustaqillik sharofati bilan Samarqand yangi ahamiyat kasb etadigan shaharga aylandi.
Samarqandning madaniy merosi juda katta. Аsrlar davomida bu shahar Buyuk Ipak yo'lining asosiy markazi bo'lib kelgan.
XXI asr boshlarida shahar YuNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga "Samarqand - madaniyatlar chorrahasi" nomi bilan kiritildi!
Shaharni ziyorat qilsangiz, siz bu yerda joylashgan tarixiy obidalarning sonidan hayratda qolasiz, ammo biz sizga albatta ko'rishga arziydigan eng mashhur diqqatga sazovor joylarni ko'rsatishga harakat qilamiz!
Eng mashhur diqqatga sazovor joylar
2021-yilning 1-yanvar holati bo‘yicha O‘zbekistonda arxitektura yodgorliklari soni 2264 tani tashkil etadi. Hududlar bo‘yicha arxitektura yodgorliklari soni bo‘yicha eng ko‘p Samarqand viloyatida hisoblanib, Samarqandda 562 ta yodgorliklar ro‘yxatga olingan.
Afrosiyob. Samarqand shahrining shimolida joylashgan bo‘lib, maydoni 219 gani tashkil etadi. Ushbu hudud Samarqandning qadimiy o‘rni bo‘lib, XIII asr boshida mo‘g‘ullar bosqinidan so‘ng xarobaga aylangan. Afrosiyobning hozirgi vaqtda hukmdor arki va shahristoni saqlangan. Sharq allomalarining asarlarida Afrosiyob "Hisori ko‘hna", "Qal’ai ko‘hna" degan nomlar bilan ma’lum. Hozirgi barchaga ma’lum Afrosiyob nomi esa manbalarda XVII-XVIII asrlardan boshlab uchraydi. Ushbu nom xalq orasida "Shohnoma" eposining qahramoni, Turonning afsonaviy podshosi Afrosiyob (Alp Er To‘nga) nomi bilan bog‘lanadi.

Afrosiyobni ilmiy jihatdan tadqiq etishda dastlab XIX asr oxiri - XX asr boshlari V.L.Vyatkin, keyinchalik, 1958 yilda tashkil etilgan Samarqand arxeologik ekspeditsiyasi faoliyati muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Xususan, Samarqand arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan shaharning paydo bo‘lishi, shakllanish va rivojlanishi tarixi, shahar fortifikatsiyasi, stratigrafiyasi, suv taminoti, hunarmandchiligi, obodonchiligi va shaharning atrofdagi qishloqlar bilan aloqalari keng qamrovli tadqiq etiladi. 1988 yildan Afrosiyobda o‘zbek-fransuz xalqaro qo‘shma ekspeditsiyasi ish boshlaydi.
Shohizinda. Shohizinda bugungi Samarqand shahrining shimoli sharqiy, qadim Afrisoybning janubiy kiraverish qismida joylashgan, boy tarixiy oʻtmish, jumboq va sinoatlarga boy sirli maskandir!
Shohizinda Samarqandning eng katta davr tarixini oʻzida mujassam eta oladi. Boisi uning tarixi ilk oʻrta asrlardagi Movarounnahrdagi islomlashtirish jarayonlaridan boshlanib, oʻrta asrlarda hukmronlik qilgan qoraxoniylar va saljuqiylar, rivojlangan oʻrta asrlardagi temuriylar va uch xonlik yoki yangi davrdagi mangʻitlar bilan bogʻlangan.
Bilamizki, Samarqand Movarounnahrning eng diqqatga sazovar va qadimiy sivilizatsion markazi hisoblanadi. Shohizinda esa Samarqandning VII asrdan to bugungi kungacha boʻlgan tarixi haqida xabar bera oladigan yagona tarixiy kompleksdir. Maqbara islom dini peshvosi, Muhammad payg‘ambarning amakivachchasi Qusam ibn Abbos (taxminan 624-677) bilan bog‘liq. U VII asrda Hozirgi Shohizindaga dafn etilgan. XI asrda uning qabri ustiga qoraxoniy Tavgʻach Bugʻroxon tomonidan maqbara qad koʻtargan. Shundan soʻng maqbaraga tutash tarzda temuriylar (XIV-XV) va mangʻitlar (XVIII-XIX asrlar) davrida qoʻshimcha qurilish ishlari olib borilgan. Kompleksdagi asosiy inshoatlar yodgorliklar, ya’niki maqbaralar tarzida qad rostlagan.
XIII asrda Qadimgi Samarqand - Afrosiyob moʻgʻul bosqinchilari tomonidan tamoman vayron etildi. Shahar shu zayl tiklanmadi, ammo uning biqinida joylashgan Shohizindagina moʻgʻul bosqinidan omon qolgan yagona tarixiy inshoat boʻlib qoldi. Shohi Zindaga hattoki Chingizxon ham teginishga jazm eta olmadi.
Shohizindagina tashrif buyuruvchida qator imkoniyatlar boʻladi, bular:
1) Qadim Afrosiyobning bir boʻlagini oʻz koʻzi bilan koʻrish;
2) Oʻrta asrlar, rivojlangan oʻrta asrlar va oʻzbek xonliklari davridagi qurulish usul va uslublari, unda foydalanilgan bezash vositalari, ramziylik va hokazolar;
3) Samarqand diyoridagi ijtimoiy-madaniy hayotning keng davirini tahlil qilish;
4) Bugungi Oʻzbekistonning tarix va tarixiy inshoatlarga boʻlgan munosabatini.
Hazrati Xizr masjidi - Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (19-asr o‘rtalari); afsonaviy o‘lmas shaxs Hazrati Xizr nomi bilan bog‘liq. Bino Shohizinda majmuasi qarshisidagi tepalikda joylashgan qadimiy masjid poydevori ustiga qurilgan (mehrobdagi yozuvga koʻra 1855 y.). Masjid xonaqoh, uning 2 yonida hujralar, qo‘shimcha xonalar, omborxona, minoradan iborat; keyinchalik binoga qo‘shimcha ayvon (1899), darvozaxona (1919) qurilgan. Darvoza peshtoqi gumbazli, peshtoqning ikki burchagiga qubbasi qovurg‘ali guldasta-minoralar ishlangan; peshtoqning chap tomonida ravoqli, oʻymakori bezatilgan 5 ta yog‘och ustunli peshayvon jozibador naqshlar bilan serhasham bezatilgan, qirma usulidagi ganch bezaklar mahorat bilan ishlangan. Peshayvondan baland gumbaz bilan yopilgan xonaqohga utiladi. Tashqarisi piltavor gumbaz 8 qirrali poygumbazga o‘rnatilgan, oralig‘i muqarnaslar bilan ziynatlangan. Peshtoq hamda qafasali minora koshinkori bezatilgan, peshtoq poy-gumbaziga ravoqli darchalar ishlangan. Bino 20-asr 90-yillarida qayta ta’mirlandi. Bu majmuada O‘zbekiston respublikasi birinchi prezidenti I.Karimov ham dafn etilgan va Sh.Mirziyoyev tashabbuslari bilan mahobatli maqbara bunyod etilgan.
Gur-Amir – Amir Temur maqbarasi, uning ustozi Mir Sayyid Baraka va Temuriylar sulolasining baʼzi aʼzolari ko‘milgan ziyoratgoh.
Amir Temur maqbarasi. Markaziy Osiyo me’morchiligining noyob asari sifatida e’tirof etilgan. Maqbara qurilishi buyuk Soxibqiron Amir Temur tomonidan 1404 yilda boshlanib, Mirzo Ulug‘bek davrida tugallangan. Maqbara Samarqandning janubiy-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, XIV asr oxirida Amir Temurning nabirasi Muhammad Sulton tomonidan qurilgan madrasa yonida tiklangan. Muhammad Sultonning sa’y-harakati bilan hozirgi Amir Temur xilxonasi yonida madrasa va xonaqoh qurilgan. Ibn Arabshoh Muhammad Sulton olimlarning homiysi bo‘lganligini ta’kidlab o‘tgan. Sharqshunos V.Bartoldning aniqlashicha, Sohibqiron Amir Temur 1399 yili harbiy yurishga yo‘l olarkan, o‘z o‘rniga Samarqandda Muhammad Sultonni qoldirdi. 1401 yil mart oyi uni Damashqqa chaqirib oldi. Shundan so‘ng u bir necha janglarda qatnashib, 1402 yili Kichik Osiyogacha borishga erishdi. Ammo u yoqdan qaytishda yo‘lda kasallanib, 1403 yilning 12 martida Qorahisor yaqinida vafot etdi. 1404 yilning martida marhum shahzodaning onasi Xonzodabegim Amir Temurdan o‘g‘lining jasadini Sultoniyadan Samarqandga olib borishga ijozat oldi. Keyinchalik Samarqandga еtib kelgan Amir Temur suyukli nabirasi xotirasiga yangi xilxona bino qilishni buyurdi. Shahzodaning jasadi Samarqandga olib kelinib, ansamblning janub tomonidagi ayvoni orqasidagi dahmaga dafn qilinadi. Shundan keyin dahma ustiga sakkizyoqli bino quriladi.
Maqbaraga Mironshoh Mirzo, Shohruh Mirzo, Shayx Sayyid Umar, Mirzo Ulug‘bek va Ulug‘bekning go‘dakligida vafot etgan ikki farzandi – Abdulla va Abdurahmonlar ham dafn qilingan. Ulug‘bek tomonidan binoning ichi yangidan bezatildi, maqbara sahniga daxmalar qo‘yilib, atrofiga nafis marmar toshdan panjara qilindi. Maqbaraga 1424 yildan boshlab, sharq tomoniga taqab qurilgan ko‘p gumbazli galereya orqali kiriladi.
Rossiya imperiyasi istilosi yillarida maqbara darvozalari o‘g‘irlab ketilgan. Amir Temur maqbarasining darvozalaridan biri Londonda, yana biri Ermitajda saqlanmoqda. Sohibqiron Amir Temurga tegishli bo‘lgan uzuk esa Amerikadagi «Metropoliten» (Nyu-York) muzeyida saqlanmoqda.
1994-1996 yillarda maqbarada katta hajmdagi ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshirildi. 1941 yil 16-24 iyun kunlari Amir Temur va Bibixonim hilxonasidagi qabrlar ochilgan. 2022 yilda Amir Temur maqbarasida restavrasiya ishlari boshlandi.
Mirzo Ulug‘bek Rasadxona. 1424-1428 yillar mobaynida Samarqandning shimolida Obirahmat arig‘i bo‘yidagi Ko‘hak tepaligi bag‘rida jahonga mashhur rasadxona qurildi. Bungacha falakiyotni kuzatuv ilmiy ishlari 1417-1420 yillarda qurilgan (hozirgi Registon maydonidagi) Ulug‘bek madrasasida olib borilgan. Rasadxona silindr shaklida uch qavatli, balandligi 30 m dan iborat ulkan bino bo‘lib, unda radiusi 41 m.li gigant kvadrant bo‘lgan. Kvadratning janubiy qismi еr ostida joylashgan bo‘lib, qolgan qismi shimol tomonda еr sathidan 30 m baland bo‘lgan.
Mirzo Ulug‘bekning vafotidan keyin uning ilmiy ishlari bir necha vaqt davom etib, keyinchalik rasadxona vayronaga aylangan. Hatto rasadxonaning joyini aniqlashni imkoni bo‘lmagan. 1908 yilda Samarqandlik o‘lkashunos olim, arxeolog V. L. Vyatkin (halq orasida Vosi aka nomini olgan) Samarqandlik olim Abu Sa’id Mahzum bilan hamkorlikda Bobur Mirzoning «Boburnoma» va Abu Tohirxojaning «Samariya» nomli tarixiy asari hamda vaqfnoma xujjatidagi ma’lumotlarga asoslanib, rasadxonaning joylashgan joyini aniqlashga muvofiq bo‘ldilar. 1908-1909 yillarda qazish ishlari olib borildi, bu esa butun dunyo olimlarining diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb etdi. Qoyani o‘yib qilingan chuqurlikda marmardan yasalgan ikkita parallel yoy, meridian radiusi 41 m ga teng bo‘lgan juda katta kvadrat(qurilma)ning bir bo‘lagi topildi. 1946-1948 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya institutining ekspeditsiyasi qazish ishlarini nihoyasiga еtkazdi. Rasadxona 1424-1428 yillarda qurilganligi haqida Abu Toxir xojaning «Samariya» kitobida ham aniq ma’lumotlar berilgan.
Rasadxonada ba’zi kuzatuvlarni oddiy ko‘z bilan, ham ya’ni asboblarsiz o‘tkazish imkoni bo‘lgan. Rasadxona kvadratning diametri 80 metr, uning yoyni uzunligi esa 63 metr bo‘lgan. Bu Sharqdagi mavjud asboblardan eng yirigi bo‘lgan, Beruniy ham ulkan diametrli kvadranti (15 tirsak)liligi haqida ma’lumot bergan. Qurilishga o‘z davrining mashhur olimlari - astronom, matematik, me’morlar jumladan, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid va Ali Qushchilar jalb qilingan. Mirzo Ulug‘bek vafotidan so‘ng rasadxona Muhammad Ali Qushchi va Miram Chalabiy rahbarligida yana bir necha o‘n yillar faoliyat olib borgan.
Registon maydoni. Registon – Samarqand shahrining asosiy maydoni va eng taniladigan diqqatga sazovor joydir. Unda uchta mashhur madrasa mavjud – Ulug‘bek, Sherdor va Tilla-Kori.
Yer yuzining sayqali, Amir Temur birlashtirgan yigirma еtti davlat poytaxti Samarqandning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi. “Registon” so‘zi fors tilidan olingan bo‘lib, “qumli joy”, ya’ni “reg” - qum, “iston” - turish joyi demakdir. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra bu еrdan janubiy sharqdan, shimoliy g‘arbga tomon katta ariq oqib o‘tgan, vaqt o‘tib ariq qurigandan so‘ng, o‘rnida qumloq joy qolgan va “Registon” so‘zi kelib chiqqan.
P.S. Shuni unutmangki, O‘zbekistonning diniy diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurganingizda ayollarga tananing ochiq joylarini (yelka, bel va oyoq) yopib qo‘yish tavsiya etiladi, diqqatga sazovor joylar belgilar bilan belgilanadi.
Shahar suratlari
Universitetlar
Samarqand davlat tibbiyot universiteti
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti
Samarqand davlat texnika universiteti
Samarqand davlat pedagogika instituti
Samarqand Xalqaro Texnologiya Universiteti
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti
Samarqand davlat chet tillar instituti
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti
Kattaqoʻrgʻon davlat pedagogika instituti
Ipak yo'li turizm va madaniy meros xalqaro universiteti